1-qism
U yuragining bir chekkasida yashiringan kichkina bolakay bilan gaplashardi. Bolakay unga har kuni bir nimalar gapirib, savollar berardi. Bugun ham shunday kunlarning biri bo‘ldi. Bolakay unga tinmay gapirardi:
— Yovuz soya esingdami? Qara, hozirgi yurishingda uning qilgan ishlari-yu gapirgan gaplarini o‘rni borligini bilasan-ku? Nega haligacha ahamiyat bermagandek yurasan? Agar buni ham e’tiboringga olib, shu muammoni oxirigacha hal qilganingda hozirgi muammolaring unchalik ham kattamasligini his qilgan bo‘larmiding…?
— …
Bolakay nega bunday deyayotganini u yaxshi bilib turardi. Yovuz soya ham, uning qilmishlari ham esida edi. Nega hanuz bunga e’tibor qaratmayotganini o‘zi ham bilmasdi. Bu savolga hali ham javob berolmasdi. Shuning uchun uning javobi bu safar ham sukut bo‘ldi.
Bolakay uni yaxshi tushunardi. Axir, ancha yillar avval sodir bo‘lgan noxushliklarni hozir eslash yaxshimi? Ammo vaqti-vaqti bilan boshqalar tarafdan xafa qilinganida birinchi bo‘lib esiga tushadigani, ko‘z yoshlariga birinchi bo‘lib sabab bo‘ladigani ham o‘sha yovuz soya edi.
Bolakay uni juda ancha vaqtdan beri bilardi. Uzoq vaqtdan beri birga bo’lgani sababidan ham uni eng yaxshi biladigan yagona bolakay edi. U qachon xursand bo‘lishini, qachon jahli chiqishini, nimalardan xafa bo‘lishini hammasini bolakay juda yaxshi bilardi.
Jahli chiqqanida qoshlari chimirilishini, lablari burilishini, jahli chiqqan joyida jim turolmasligini yaxshi bilardi. Xuddi shu kabi qolgan paytlarda ham u o‘zini qanday tutishini, nimalar deyishini-yu nimalar qilishini faqat bolakay bilardi.
Bolakay u bilan yaqin edi, lekin. uchi? U ham bolakay bilan shunday yaqinmidi? U ham bolakayni tanirmidi? To‘satdan uning hayoliga shunday savollar kela boshladi. Javob berolmasligini anglagach, yana jimib qoldi…
18.06.2025 | Samida Rakhimova
Izohlar
Hozircha izohlar yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring.