2-qism
U osmonga termilganicha xayollarida sayr qilardi. Jismi yerda bo‘lsa ham xayolan boshqa diyorlarda edi. Quyoshning nuri atrofni yorityaptimi yoki uning xayollarinimi? Tushunish qiyin. Uning azaldan qilgan bir kichik orzusi bor edi "Yashillikka burkangan o‘rmonda bir kichik, shinam uyi bo‘lishi".
Xayollarining yarmidan ko‘pi shu orzudan iborat edi. U uchun odamlar bilan bo‘ladigan suhbatdan ko‘ra hayvonlar bilan sukut saqlash afzalroq edi. Ba’zida odamlar tushunmaydiganlarini hayvonlar "men seni tushunaman" degandek ko‘zlari bilan termilib turardi. U uchun shuning o‘zi yetarli edi. Unga ko‘p narsa kerak emas, qalbini tushunadigan biri bo‘lsa, u gapirmasa ham, ko‘zlaridan hammasini o‘qib olsa.
Lekin kattalar unday emas. Ularga doim nimanidir tushuntirish kerak. Yosh jihatdan uni katta deb atash mumkin, ammo aslida u hali ham yosh bolalardek edi. Balki bunga sabab bolakay bilan doimiy suhbatlaridir? Uning xayollarini tarqatib yuborishga bolakayning qiziqishi sabab bo‘ldi:
— Bu xayollaring amalga oshishiga ishonasanmi?
Qiziq, u bu xayollarida shunaqangi ko‘p sayr qilardiki, lekin, bu savolni hech o‘ziga bermagan ekan. Kapalaklar diyori, gullar xalqi, Ohular saltanati…
Uning hayolida bular haqiqat. Uni o‘rab turgan kichik sayyorada-chi? Ular mavjudmi? Bilmasdi, hech o‘ylab ko‘rmasdi ham. Chunki uning hayolida bular haqiqat edi-da!
Bolakay uni gapirganini juda kam ko‘rardi. Doim uni gapirtirishga harakat qilardi. U esa ko‘pincha jimlikni ma’qul ko‘rardi. Uning ko‘p gaplari, javoblari sukut bo‘lib qolaverardi. Bolakay hech ham harakatlari bekor ketayotganligi haqida o‘ylab ko‘rmagan. Chunki bolakayning savollari uni gapirishga tayyorlardi…
19.06.2025 | Samida Rakhimova
Izohlar
Hozircha izohlar yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring.