3-qism
Unga uning xayollariga, qalbiga mos yozuvlarni o‘qish juda-juda yoqardi. U his qilayotganlarini tilga chiqarolmasdi, shu sabab ham boshqa kimdir uning holatini tasvirlagandek yozganlarini o‘qish unga boshqacha his berardi. U gapirmasa ham uni tushunadigan bolakay, naqadar beg‘ubor edi.
Bolakay haq edi, u kattalar bilan ko‘p vaqt o‘tkazgan sari ularga o‘xshab borardi. Juda jiddiylashgan, vaqti yo‘q, juda band…
Bolakayga uning bunday o‘zgarishi hech yoqmasdi. Uni to‘liq kattalarga o‘xshab qolmasligi uchun turtkilar berardi. Bir kuni u xuddi kattalardek "men jiddiy bo‘lishim kerak, jiddiy ishlar qilishim kerak, mas’uliyatni his qilishim uchun…" degan fikrni hayolidan o‘tkazdi.
Bolakay bu o‘yga jim turolmasligi aniq, axir bolakayga uning jiddiy bo‘lishi hech ham yoqmasdi-da! Lekin bu haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytish, balki, yaxshi bo‘lmas.
Bolakay uni hafaqilib qo‘yishdan qo‘rqardi. Axir bu sayyorada uni shundoq ham hamma xafa qilardi. Butun boshli "xafa qiluvchilar" orasida bolakay unga ohista so‘z ochardi…
Uning latif ko‘ngli bilan bolakay shunaqangi ohista so‘zlashardi…
— Nima deb o‘ylaysan, mas’uliyatni his qilish uchun jiddiy bo‘lish shartmikan? Sen o‘zingni xuddi kattalardek tutsangina mas’uliyatni his qilasan xolismi?
U o‘yladi, so‘ng sekin javob berdi:
— Seningcha, jiddiy bo‘lmasdan turib ham mas’uliyatni his qilish mumkinmi? Axir mas’uliyatni his qilish uni jiddiy qabul qilishdan, unga jiddiy qarashdan boshlanmaydimi?
Bolakay xuddi shu savolni kutgandek javob berdi:
— Sen, o‘zing aytib turibsan-ku, mas’uliyatni jiddiy qabul qilish kerak, sen jiddiy bo‘lishing shart emas. Seningcha mas’uliyatni faqat kattalargina his qiladimi? Muhimi katta bo‘lish yoki shunchaki mas’uliyatnigina his qilish emas. Muhimi — nimaga, kimga nisbatan mas’uliyatni his qilishdir. Seningcha inson qachon mas’uliyatni his qiladi?
U o‘ylanib qoldi, chunki, oxirgi martda mas’uliyatni qachon his qilgani esida yo‘q edi.
20.06.2025 | Samida Rakhimova
Izohlar
Hozircha izohlar yoʻq. Birinchi boʻlib fikr bildiring.